15.04.2021
Bugun Qo‘qondagi “Markaziy” stadionida Coca Cola Superligasining 6-tur uchrashuvida “Qo‘qon-1912” jamoasi Bekobodning “Metallurg” klubini qabul qildi.
O‘tgan turda Muborakdan g‘alaba bilan qaytgan Qo‘qonlik futolchilar uchrashuvni yaxshi kayfiyatda , xujumkorlik boshlashdi. Aytish joiz bo‘lsa o‘yinning 1-taymida “Qo‘qon-1912” jamoasi joriy mavsumdagi eng yaxshi o‘yinlaridan birini namoyish qildi. Uchrashuvning 12-daqiqasida “shunqorlar” juda yaxshi hujum uyushtirishdi. Dastlab raqib darvozasi tomon Yakuba Bamba kuchli zarba yo‘lladi. Aleksandr Lobanov bu zarbani katta qiyinchilik bilan bo‘lsada qaytarib qoldi. Qaytgan to‘pga birinchi bo‘lib yetib kelgan Mo‘min Melievning zarbasini ham Lobanov qaytardi. Ketma-ket uchta “seyv”ni amalga oshirgan Lobanov vaziyat qahramoniga aylandi. Oradan biroz o‘tib Xolmuhammedovning burchakdan yo‘llagan zarbasi darvoza to‘ridan joy olishiga bir bahya qoldi. Yana Lobanov mahorat ko‘rsatdi. O‘yin davomida Muhammadanas Xasanov o‘ng qanotda juda faol o‘yin namoyish qildi. Muhammadanas o‘z qanotida Stanislav Andreev bilan bo‘lgan deyarli barcha yakka kurashlarda g‘olib chiqdi. 35-daqiqada Asad Sobirjonov uzoq masofadan raqib darvozasi tomon kuchli va aniq zarba yo‘lladi. Yana Lobanov o‘zini ko‘rsatdi. Aleksandr Lobanov bugungi bahsda jamoasini ko‘plab vaziyatlarda goldan asrab qoldi. Uchrashuvning ikkinchi bo‘limi ham to‘lig‘icha jamoamizning ustunligi ostida o‘tdi. Taym boshida Avazxon Mamatxo‘jaev qulay imkoniyatga ega bo‘lgan edi. Uning zarbasi biroz noaniq bo‘ldi. Yakuba Bambaning kuchli zarbasi esa darvoza to‘riga tashqi tomondan tegdi. Baxtiyor Ashurmatov hujum chizig‘ini kuchaytirish maqsadida maydonga Shohnazar Norbekov hamda Andrey Sidorovlarni maydonga tushirdi. Juda ko‘plab vaziyatlar yaratgan bo‘lsakda futbolchilarimizga bugungi o‘yinda gol urish nasib qilmadi. O‘yin yakuniga biroz qolganda Ivan Yosovichning bosh bilan bergan zarbasi “Metallurg” darvozasining to‘siniga tegdi. Uchrashuvning qo‘shib berilgan daqiqalardi mehmonlar xujumga o‘tishdi. Jarima maydonchamizda yuzaga kelgan pala-partishlikdan foydalangan Salamat Quttiboev 90+3 daqiqada darvozamizni ishg‘ol qilib, jamoasining g‘alabasini ta’minladi.
“Qo‘qon-1912” jamoasi 2021-yilda hali mag‘lubiyatga uchramagan edi. Bugungi mag‘lubiyat jamoamizni bu yildagi dastlabki mag‘lubiyati bo‘ldi. Umid qilamizki futbolchilarimiz keyingi o‘yinlarda chiroyli o‘yin va g‘alabalari bilan muxlislarimizning ishonchlarini qozonadilar.
“QO‘QON 1912” – “METALLURG” – 0:1 (0:0).
Hakamlar: Asker Najafaliev, Anvar Marajabov, Ziyodulla Abdurahmonov, Lochinbek Dolimov.
Nazoratchi: Oleg Dachev
Komissar: Jahongir Rahmatullaev
Gol: Salamat Quttiboev (90+3)
“Qo‘qon 1912”: 1.Muzaffar Abdullaev, 7.Asadbek Sobirjonov, 8. Farhod Bekmurotov, 11. Mo‘min Meliev (10. Shoxnazar Norbekov, 63), 14. Avaz Mamatxo‘jaev, 15. Oybek Rustamov, 22. Muhammadanas Hasanov, 23. Aleksandr Merzlyakov, 33. Ivan Yosovich, 70. Murod Xolmuhammedov, 91. Yakuba Bamba
Zaxira: 16.Eldor Adhamov, 5.Slavko Lukich, 13. Sardor Azimov, 18. Anvarjon Xojimirzaev, 20. Iqbol Malikjonov, 99. Andrey Sidorov.
“Metallurg”: 12.Aleksandr Lobanov, 8.Salamat Quttiboev, 10.Shahzodbek Nurmatov (15.Zohid Abdullaev, 76), 14.Abrorbek Toshqo‘ziev, 21.Kamoliddin Tojiev, 22.Shahzodbek G‘ofurbekov (11.Ivan Nagaev, 90+1), 27.Ixtiyor Toshpo‘latov, 28.Stanislav Andreev, 48.Dilshod Rahmatullaev, 55.Akbar Ismatullaev, 88. Yevgeniy Chumak (98.Damir Temirov, 90+4).
Zaxira: 1.Akmal Tursunboev, 7.Doniyor Narzullaev, 9.Mahmud Qudratillaev, 34.Yevgeniy Makeev