30.01.2023
“Qo’qon-1912” jamoasi bosh murabbiyi Davron Fayziyev tayyorgarliklar haqida o’z fikrlarini bildirib o’tdilar.
– “Qoʻqon-1912” turnirni kutilmagan magʻlubiyat bilan boshladi, keyinchalik oʻzini tiklab oldi, bu haqda nima deya olasiz?
– Raqibni hurmat qilgan xolda aytishim mumkinki, “Andijon-SGS”ga qarshi dastlabki bahsda shogirdlarim raqibni biroz mensimagan holda oʻyin namoyish etishdi. Buning evaziga jazolandik. Bu masalan jamoaviy bilan yaxshilab muhokama qildik. Keyingi oʻyinlarda esa ular koʻrsatmalarni toʻgʻri bajarishdi. Oldimizga qoʻygan dastlabki maqsadimizga erishdik — guruh bosqichidan chiqdik. Kelgusi bosqichdagi raqibimizni bugungi oʻyindan keyin bilib olamiz. Vazifamiz finalga qadar yetib borish hisoblanadi.
– Jamoaning umumiy tayyorgarligi haqida nima deya olasiz? “Qoʻqon-1912” Pro ligaga tushib ketgach, asosiy yetakchilari jamoani tark etdi. Yangi mavsumda qanday jamoa shakllanmoqda?
– Hozirgi holatimizni bilib turibmiz. Jamoaning salkam 90 foiz futbolchi tark etdi. Yangi futbolchilarni koʻrikdan oʻtkazyapmiz. Hozirda safimizda kelgan futbolchilar yaxshi harakat qilishmoqda. Albatta, ularning barchasi bilan shartnoma imzolay olmaymiz. Bu borada turnir soʻngida bir qarorga kelamiz. Shu bois, jamoaga kelgan yangi futbolchilarga klub oldiga qoʻygan vazifalarni tushuntiryapmiz. Hozircha 10-11 nafar futbolchini koʻz ostimga olib qoʻyganmiz. Qolaversa, mahalliy yoshlarga eʼtibor qaratishni maqsad qilganmiz. Ularni ham jamoaga jalb qilganmiz. Oʻylaymanki, bu yoshlarning kelajagi porloq, faqatgina ularga eʼtibor qaratish va ishonch bildirish kerak. Shu bilan birga, Superligada ishtirok etgan bir qator futbolchilar bilan muzokaralar oʻtkazyapmiz. Natija qanday boʻlishini vaqt koʻrsatadi. Agar hammasi ijobiy yakunlansa, ularni turnirdan keyin Toshkentdagi yigʻinda koʻramiz.
– Seleksiya ishlari turnir boshlangunga qadar davom etadimi?
– Oldimizda kam vaqt qolgan. Iloji boricha, seleksiya jarayonida xato qilmaslikka harakat qilamiz. Klub ishonchini oqlaydigan futbolchilarni qabul qilishga tayyormiz. 15-fevral kuni transfer oynasi yopiladi. Buni tushunib turibmiz. Ushbu muddat soʻngigacha barcha transferlarimizni amalga oshirishga harakat qilamiz.
Turnir yaxshi oʻtyapti. Biroq maydon holati chiroyli futbol koʻrsatishga xalaqit bermoqda. Mening nazarimda, turnir saviyasi avvalgi yillarga nisbatan biroz pasaygandek tuyulmoqda. Kelgusi yillardagi turnirlarda har bir jamoa asosiy tarkibi bilan ishtirok etsa, maqsadga muvofiq boʻlardi. Ushbu musobaqa ham qaysidir murabbiylar uchun foydali sanaladi. Agarda sifatli maydonlar tashkil etilganda, boshqa jamoalar ham turnirda ishtirok etgan boʻlardi.