15.04.2023
Pro liganing 5-turidan oʻrin olgan “Andijon SGS” — “Qoʻqon-1912” (1:4) uchrashuvidan soʻng mehmonlar bosh murabbiyi Davron Fayziyev matbuot anjumanida ishtirok etdi.
Oʻyin haqida
– Avvalambor Ramazon oyida va mana shunday erta vaqtda boshlangan oʻyinga tashrif buyurgan muxlislarga minnatdorchilik bildiraman. Shuningdek, ayni shunaqa vaziyatda maydonda yugurgan, oʻynagan har ikki jamoa futbolchilariga rahmat aytaman. Oʻyin hisobini koʻrib, “Qoʻqon-1912” oson gʻalaba qozonibdi deganlar adashadi. Kim oʻyinni koʻrgan boʻlsa, biz bugun oson uchrashuv oʻtkazmadik. Superligada va Pro ligada har bir tur alohida qiziqarli oʻyinlarga boy oʻtayapti.
“Andijon SGS” jamoasining birinchi boʻlimdagi oʻyini murabbiy sifatida menga yoqdi. Ular oʻz vaziyatlaridan foydalana olishganida hozir boshqacha natija boʻlishi mumkin edi. “Andijon SGS”ning adashmasam 4 yoki 5 nafar futbolchilari Ispaniyada futbol musobaqasida ishtirok etib qaytishdi. Ketma-ket oʻyinlar bari bir futbolchilarda charchoq alomatlarini koʻrsatadi.
– Himoya chizigʻi unchalik ham yaxshi koʻrinmayapti. Bu holat “Lokomotiv” kabi kuchli jamoalar bilan oʻyinlarda pand berib qoʻyishidan xavotirlanmaysizmi?
– Bugungi oʻyin bilan qoʻshib hisoblaganda bizda toʻplar nisbati 12:6 koʻrinishiga keldi. 5 ta turda 6 ta gol oʻtkazib yuborish biz uchun juda koʻp. Meni xursand qilgan jihat bugun hujum chizigʻi vakillarining gol kiritishi boʻldi. Himoyada xatolarimiz yoʻq deb boʻlmaydi. Biz mashgʻulotlarda ayni shu muammolarni bartaraf etish yoʻlida ishlayapmiz.