19.07.2023
“Qoʻqon-1912” jamoasining tajribali himoyachisi Boburjon Akbarov birinchi davradagi omadsizlik va ikkinchi davra uchun olib borilayotgan tayyorgarliklar haqida qisqa intervyu berdi.
“Barchaga Assalomu alaykum. Jamoamiz Pro liganing birinchi davrasini uchinchi oʻrinda yakunladi. Bu oʻrin nafaqat qoʻqonlik muxlislarga, balki bizga ham yoqmayapti.Baʼzi oʻyinlarda bizga omad yetishmadi, baʼzida esa bizga barqarorlik yetishmadi. Menimcha, birinchi davrada yoʻqotilgan ochkolar bizga dars boʻldi va ikkinchi davraga tayyorgarlikni shunga qarab boshladik. Tayyorgarlikning birinchi qismida Toshkent viloyatining togʻli hududida asosan jismoniy holatni mukammal holatga keltirish uchun harakat qildik. Yigʻin davomida jamoa vakillari ajoyib sharoit yaratib berishdi va biz ham shunga yarasha aʼlo tarzda tayyorgarlik koʻrdik deb oʻylayman. Qoʻqonda boshlagan yigʻinda esa biz asosan taktika va texnikaga ishlamoqdamiz. 2-davra boshlangunga qadar barcha futbolchilar maksimal shay holatda boʻladi deb umid qilaman. Jamoamizning jonkuyar ashaddiy va sodiq muxlislariga oilaviy baxt va xotirjamlik tilayman. Xudo xohlasa, 2-davrada gʻalabalarimiz va yil yakunida Super liga yoʻllanmasi bilan ularning kayfiyatini yanada koʻtarishga biz futbolchilar borimizni berishga tayyormiz”,-deb fikrini yakunladi jamoamiz yetakchilaridan Boburjon Akbarov.