25.10.2024
Pro liganing 24-turidan oʻrin olgan “Qoʻqon-1912” — “Aral” (2:1) uchrashuvidan soʻng mezbonlar ustozi Bahrom Haydarov matbuot anjumanida ishtirok etdi.
Juda qiyin uchrashuv boʻldi. “Aral” oxirgacha oʻynaydigan jamoa. Jamoa doim tajovuzkor va oxirgacha harakat qiladi. Bu xislat ularga murabbiylari Neʼmatillo Quttiboyevdan oʻtgan deb aytsam, mubolagʻa boʻlmaydi. U ham futbolchilik faoliyatida doim oldinga harakat qilgan va har bir toʻp uchun oxirgacha kurash olib borgan. Neʼmatillo Quttiboyev oʻz xarakterini “Aral” jamoasiga singdira olmoqda. Shuningdek, nukusliklar sardori Salamat Quttiboyevni oʻyinlarini alohida taʼkidlab oʻtish lozim. U shu yoshida ham yoshlarga oʻrnak boʻlmoqda.
Oʻyin haqida gapirsak, oʻyinda koʻplab vaziyatlarga ega boʻldik. Boʻlim soʻnggida biroz xotirjamlikka berildik va gol oʻtkazib yubordik. Shu sababli oʻyin oxiri biroz asabiy oʻtdi. Oʻyindagi harakatlarimizni hali toʻliq oʻrganib chiqamiz va xatolarimizni toʻgʻirlaymiz.
Bu turda “Buxoro” magʻlub boʻldi va jamoalar oʻrtasidagi farq 7 ochkoni tashkil qilmoqda…
Biz oxirgacha kurashamiz. Jamoa soʻnggi toʻrtta turda maksimal darajada ochko toʻplashga harakat qilamiz. Qolganini esa vaqt koʻrsatadi