03.05.2025
Superliganing 8-turidan oʻrin olgan “Bunyodkor” — “Qoʻqon-1912” uchrashuvidan soʻng jamoamiz bosh murabbiyi Bahrom Haydarov fikrlari bilan oʻrtoqlashdi.
“Bugungi oʻyin teng kurashlar ostida oʻtdi, oʻyin avvalida biroz boʻshashdik, futbolchilarda oʻz kuchiga ishonch boʻlmadi. Shu sababli oldinga oʻynashga qoʻrquv boʻldi, bu yakunda golga olib keldi. Oʻyin davomida goldan keyin yigitlar oʻziga kelib oldi, keyingi daqiqalar tayyorlagan rejamiz asosida kechdi. Hozir hissiyotlar koʻp. Bir soʻz bilan aytganda haqli gʻalabaga erishdik. Yutqazayotgan vaqtimizda ham oʻz rejamizdan chekinmadik”, — deydi Bahrom Haydarov.
– Bugungi gʻalabani omadga qiyoslash mumkinmi? “Qoʻqon-1912” aytarli vaziyat yarata olgani yoʻq…
– Darvozabon xatosini olsak omadli vaziyat edi deyish mumkin. Bu rejalashtirilgan narsa emasdi. Mutaxassislar ham koʻrdi, jamoam oxirgi daqiqagacha kurashdi. Haqli gʻalaba qoʻlga kiritildi. Butun oʻyin davomida himoyalanib, qarshi hujumda imkoniyatlarimizni kutdik.
– Qoʻl ostingizdagi tarkib bilan butun mavsum davomida barqaror oʻyin koʻrsata olishingizga koʻzingiz yetyaptimi? Zaxira imkoniyatlaringiz qanday?
– Albatta teng kuchli tarkib yigʻishga harakat qildik. Futbolchilarning koʻpchiligi oʻtgan yili Pro ligada qatnashishgan. Ular kundan-kunga oʻsmoqda. Tarkibga Superligani koʻrgan bir necha nafar tajribali futbolchilarni ham jalb qildik. Biz murabbiylar shtabiga ham koʻp narsa bogʻliq. Futbolchilarning jismoniy holatini bir maromida ushlay olishimiz kerak. Hozircha oʻylaganlarimiz amalga oshmoqda.