08.12.2024
“Metallurg”ga qarshi uchrashuvda penaltilar seriyasida qahramonga aylangan Azizxon Isaqov penaltilar seriyasi, joriy yildagi oʻyinlari haqida qisqa fikrlar bildirib oʻtdi.
Assalomu alaykum, birinchi navbatda barcha “Qoʻqon-1912” jamoasiga befarq boʻlmaganlarni Superliga yoʻllanmasini qoʻlga kiritganimiz bilan tabriklayman. Bu gʻalaba barchamizniki. Ular sovuq boʻlishiga qaramasdan “Metallurg”ga qarshi uchrashuvda stadionga kelib, daxshat qoʻllab-quvvatlashdi. Bu bizga katta ishonch berdi.
Penaltilar seriyasi…
— Sheriklarim dastlabki ikkita penaltidan foydalana olmaganlaridan soʻng menda hech qanday yomon xayollar yoʻq edi. Barchasi joyida edi. Oʻzimda va jamoadoshlarimga ishonardim. Biz ushbu penaltilar seriyasida gʻolib boʻlib ketishimizga ishonchim bor edi. Penaltilar seriyasiga jamoamiz murabbiylari bilan jiddiy tayyorgarlik koʻrdik. Uchrashuv avvalida murabbiyimiz Xurshid aka raqib futbolchilarining ehtimoliy yoʻllaydigan penaltilar yoʻnalishi yozilgan varaq ham tayyorlab, baklashga oʻrab bergandilar.
Joriy mavsum oʻzingizning oʻyiningizdan qanchalik qoniqdingiz?
— Har bir futbolchi yanada yaxshiroq harakat qilishga intiladi. Umuman olib qaraganda, joriy mavsumdan ancha koʻnglim toʻldi. Biroq hali qilinadigan ishlar yetarli. Yanada koʻproq mehnat qilib, yana oʻsishga intilaman.
Umuman olganda Pro ligadagi ilk mavsumingizni oʻtkazdingiz? Pro liga va Superliga jamoalari oʻrtasida qanchalik farq sezildi?
— Bu yilgi Pro liga jamoalari ancha kuchli edi desam, adashmayman. Buni Pro liganing toʻrtta jamoasi Superligaga yoʻl olganidan ham bilib olsak boʻladi. Oddiy oʻyinlarning oʻzi boʻlmadi. Barcha jamoalar maksimal qarshilik koʻrsatishdi. Menimcha har bir uchrashuv shiddatli oʻtdi. Superliga va Pro liga oʻrtasida katta farq sezilmadi.
Nega aynan darvozabonlik?
— Yoshligimdan oʻzimda darvozabon boʻlishga qiziqish boʻlgan va shu sababli yoshligimdan futbolga kelishim bilan darvozabon pozitsiyasidaman.