08.03.2021
“Qo‘qon-1912” jamoasi bugun mana shunday dilbar, qutlug‘ bahor ayyomida siz, munis onalarimiz, hurmatli opa-singillarimizni – Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan chin qalbdan muborakbod etadi.
Bu qutlug‘ ayyomda hurmatli ayollarimizga eng samimiy, eng ezgu tilaklarimizni izhor etar ekanmiz, birinchi navbatda muqaddas va mo‘tabar Ona siymosiga ta’zim qilamiz.
Ayolning nafosati va nazokati, vafo va sadoqati, aql-zakovati va fidoyiligi asrlar mobaynida yer yuzida hayot davomiyligi va abadiyligiga asos bo‘lib keladi. Shu bois ham dunyodagi eng buyuk san’at asarlari, qo‘shiq va qasidalar, me’moriy obidalar ayollar sha’niga bag‘ishlangandir.
Oila va jamiyat ustuni, hayotimizning fayzi va ko‘rki bo‘lgan xotin-qizlarni e’zozlash, ularga hurmat va ehtirom ko‘rsatish xalqimiz uchun azal-azaldan buyuk qadriyat bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qoladi. Chunki sizlar bilan hayotimiz go‘zal va mazmunli, xonadonlarimiz obod va nurafshondir.
Barchangizni bugungi bahor va nafosat, go‘zallik bayrami bilan yana bir bor samimiy tabriklaymiz. Iqbolingiz baland, umringiz uzoq, rizqu nasibangiz ziyoda bo‘lsin!