15.09.2023
Pro-liganing 17-turi doirasida “Lokomotiv”ga qarshi o’yindan keyin “Qo’qon-1912” bosh murabbiiy Muxsin Nizomiddinov o’z fikrlarini bildirdi.
– O’yin qiyin bo’lishini bilardik. Superligani maqsad qilgan ikki jamoalar to’qnash keldi. Bu doim qiziqarli bo’ladi. Muxlislarbop o’yin bo’ldi. SHu sababli Qo’qondan ham shuncha muxlis keldi. Ular uchun g’alaba qozonamiz degandik. Ikki vaziyatni qo’yib yubordik. Hechqisi yo’q, navbatdagi o’yinlarga tayyorgarlikni daovm ettiramiz. Hayot davom etadi.
– Jamoa birinchi bo’limdan ko’ra ikkinchisida agressivroq harakat qildi. Raqib jarima maydonchasida ko’proq bo’lishga, vaziyatlar yaratishga intildi. Bu hisob bilan bog’liqmi yoki ikkinchi bo’lim uchun oldindan tayyorlangan rejami?
– Har bir jamoada A,B planlar bo’ladi. Biz ham “Lokomotiv”ni o’rganib chiqqanmiz. Tezkor gol qo’yib yubormasligimiz va gol urishimiz kerak edi. Biroq bu birinchi bo’limda agressiv futbol o’ynamadi degani emas. Birinchi bo’limda uch-to’rtta yuz foizlik vaziyatlar bo’ldi, biroq bundan foydalana olmadik. Raqib esa bitta tepdi, rikoshet bilan kirib ketdi. Bunga qaradik, hisobda ortda qolyapmiz va shunga yarasha harakat qildik.
– Anvarjon Xojimirzaevning bu yil qaytadan kashf qilinganini ko’ryapmiz. Uning qaysi tomonlarini o’rganib chiqyapsiz va qaysi ko’rsatmalar orqali o’yinini yaxshiladi?
– Anvar Xojimirzaev qanday futbolchi desam bo’ladi. Hamma uni de Bryuynega o’xshatadi. Men uchun u de Bryuynedan ham kuchli. Yani, o’z chempionatlari darajasida. Bizni ichimizda u de Bryuynedan kuchli bola. Uning ham tilini topdik, gaplashdik, ko’z tegmasin, mana gollar uryapti va yanada ko’prog’ini kutyapman. U Pro-ligada to’purar bo’ladi.
– Uchrashuv oxirida yuzaga kelgan standartni amalga oshiradigan ijrochi topilmadimi?
– Tepadigan futbolchilarimiz bor edi. Jarimalarni ko’p ishlaymiz, masalan, Malikjonov ham bor edi. Bugun Anvarjon Xojimirzaev tepdi. Bu futbol. So’nggi daqiqalarda shoshilish, extirosli vaziyatlar bo’ladi. Mashg’ulot boshqa, o’yin boshqa.
– “Qo’qon-1912” 7 yildan buyon Toshkentda mag’lub bo’lmayotgandi. SHu faktor o’yindan oldin miyangizdan o’tmadimi?
– Yo’q, u fikr o’tmaydi. Bizda har bir o’yinda g’alaba qozonish maqsadi bor. 10 yildan beri yutyapsizmi, jamoada kim murabbiy bo’ladi, qanday holatda bo’ladi, farqi yo’q. Yutish kerak. Bu miyadan o’tmaydi, barchasi peshonaga yozib qo’yilgan bo’ladi. Barcha murabbiy yutishga harakat qiladi.
– Savolni boshqacharoq beraman: noqulay raqib tushunchasiga ishonasizmi?
– Yo’q, bunga ishonmayman.
– Pro-ligada jamoalar soni 11tagina va o’yinlar soni kam. O’zbekiston klublari bir yil davomida nechta o’yin o’tkazishi kerak?
– Bu ishni tegishli odamlari qiladi, ular barchasini hisoblashadi. Men murabbiyman va jamoani o’sha 11 o’yin bo’lsa, 11 o’yinga tayyorlash. Bu o’yinlarni har kuni o’ynaymizmi, 3 kundami yoki har haftada farqi yo’q, jamoani tayyorlashimiz kerak bo’ladi. Qolganini matematiklar hisoblashadi. Mana, Angliyada jamoalar har 3 kunda o’ynashadi va bundan ko’p xafa bo’lishadi. Ularda dam kamroq. Bizda esa ko’proq. Endi vaziyat shuni taqozo qilyapti. Payti keladi, hali jamoalar ko’payib qolsa, barchasi joyiga tushib ketsa kerak.
– Ikkinchi davra taqvimi chiqqaniga ko’p bo’lmadi. Bu murabbiylarga qanchalik darajada qiyinchilik keltirib chiqardi?
– Savolingizga o’zingiz javob berib qo’ydingizku. O’yinni o’ynadik, balki taqvim 10 kundan keyin chiqar, balki 3 kundan keyin. Endi ular ham nimanidir hisoblashyapti. Lekin PFL bizni doimiy ogohlantirib turibdi. O’yinni taxminan qachonligini so’radik va ular 14 sentyabrlarga bo’ladi deyishdi. Biz shunga yarasha tayyorlandik. Masalan bugun o’ynab, keyingi o’yinimizni qachon o’ynashimizni bilmay qolgan joyimiz bo’lgani yo’q. Barcha gapiraveradi. PFL hammani ogohlantiradi. Taxminan shu kunga tayyorlaninglar, deyishadi.