31.03.2023
– Oʻyin haqida
– Oʻyinga tashrif buyurgan barcha muxlislarga rahmat aytaman. Oʻyin qiziqarli boʻldi. “Yunired” jamoasi Pro-ligada oʻz nomiga, kurashuvchanlik qobiliyatiga ega jamoa. Biz raqibning oʻtgan oʻyinini oʻrganib chiqqanimizda, ular “Dinamo” bilan bir xil oʻyin koʻrsatishganiga guvoh boʻlgandik. Shunga qarab bugun ham oʻz rejamizni tuzdik. Maqsad birinchi golni kiritib olish edi va bunga erishdik. Pro-ligada oʻtkinchi oʻyinlar qolmadi. Barchasi qiziqarli oʻyinlar boʻlmoqda. Kecha ham juda ajoyib oʻyin boʻldi. Pro-liga ancha oʻsdi. Biz esa oʻz yoʻlimizda davom etamiz. Kamchiliklarimiz bor, ularni yaxshilashga harakat qilamiz. Endi “Nasaf”ga qarshi kubok oʻyiniga tayyorlanamiz.
– Davron aka, bir necha yildan beri Pro-ligada ishlayapsiz. Oʻrtadagi tafovvutni, farqni qanchalik sezdingiz?
– Men farqni emas, Pro-liga kuchayganini sezdim. Qishki oʻquv-yigʻin mashgʻulotlarida bir necha oʻrtoqlik oʻyinlari oʻtkazganimizda va oʻyinlarni koʻrganimda ham unchalik ham katta farq sezmadim. Hozir Pro-ligadagi barcha jamoada Superligada oʻynagan futbolchilar oʻynamoqda. Osonlikcha hech kim jon bermayapti. Maqsadga har doim qiyin yoʻldan boriladi. Biz bu yoʻlni rahbariyat bilan yengib oʻtamiz, albatta.
– Davron aka, vodiyda futbolni juda sevishadi. Siz voha va boshqa hududlarda ishlagansiz. “Qoʻqon-1912”da homiylar, shart-sharoitlar borasida ahvol qanday?
– Men Samarqand yoki “Lokomotiv”da ishlaganman. Ular bilan solishtirsa, bizda biroz pastroq. Lekin, hozir barcha ishlarimiz joy joyida. Homiy masalasida menda aniq maʼlumot yoʻq, lekin hozircha shahar hokimiyati bizga yordam bermoqda. Tez orada bizga asosiy homiy biriktirilishi borasida aytishgan, shuni kutib turibmiz. Pro-liganing aksariyat jamoalari oʻz homiylariga ega. Biz ham oʻylaymanki, tez kunlarda homiylarga ega boʻlamiz.
– Davron aka, oxirgi oʻyinlarda uchrashuv taqdirini tajribali futbolchilar hal qilishmoqda. Bu Pro-ligada yangi avlod chiqmayotgani bilan bogʻliqmi yoki tajribali futbolchilar oʻzlarini Pro-ligada yaxshi his qilishmoqdami?
– Toʻgʻri aytib oʻtdingiz. Klubda oʻz akademiyasi boʻlmasa, baribir tajribali futbolchilarga tayanadi, yosh futbolchilar kam boʻladi. Bunga qisman qoʻshilaman. Hozirda qoʻqonlik yosh futbolchilarimiz bor. Endi ularni pishirish kerak. Akademiya va musobaqalar oʻtkazmagan futbolchilar katta jamoalarda yoʻqolib qolishadi. Boshqa jamoalarda legionerlar koʻp. Biz esa legionerlar bilan maqtana olmaymiz. Jamoamiz tajribali futbolchilar va yoshlarga tayanadi. Yil boshida ham buni aytganmiz. Kelgusida yoshlarimizga ham oʻyin amaliyoti beriladi va yangi nomlarga ham ega boʻlamiz.
Shuningdek, bugungi uchrashuvga qo’llab quvvatlash uchun Qo’qondan tashrif buyurgan muxlislarimizga katta rahmat aytaman.