05.12.2024
Superliga uchun oʻtish oʻyinidan oʻrin olgan “Qoʻqon-1912” – “Metallurg”(1:1, penaltilar boʻyicha – 3:2) uchrashuvidan keyin jamoamiz ustozi Bahrom Haydarov fikrlarini bildirdi.
– Oʻyin haqida
– Birinchi navbatda, hamma-hammani gʻalaba bilan tabriklayman! Bu bir kishini mehnati emas, rahbariyatdan tortib oshpazlargacha, murabbiylardan tortib shifokorlargacha astoydil mehnat qilishdi. Bugun stadionga kelgan va bizni doim qoʻllab-quvvatlagan muxlislarga minnatdorlik bildiraman. “Qoʻqon-1912”ni Superligaga olib chiqish vazifasini birgalikda uddaladik, bundan xursandmiz. Oʻyinga kelsak, teng oʻyin boʻldi. Superliga va Pro liga jamoalari oʻrtasidagi farq sezilmadi. Ikki jamoa ham jonini berib harakat qildi. Yutqazib turgan paytimizda ham yigitlar oʻyinni tashlab qoʻyishmadi. Boshlangʻich tarkibda oʻynagan futbolchilar ham, zaxiradan tushganlar ham borini berib oʻynadi.
– Bugungi oʻyinda ikki liga jamoalari oʻrtasidagi farq sezilmadi deb aytdingiz. Bugungi pley-off uchrashuvlarining ikkisida ham Pro liga jamoalari zafar quchdi. Bu Pro liga darajasi ancha oʻsganidanmi yoki Superliga darajasi tushib ketganidan dalolat beradimi?
– Pro liganing bu yilgi formati yaxshi edi deb oʻylayman, chunki oʻtkinchi uchrashuvlar boʻlgani yoʻq. Birinchi oʻrindagi jamoa oxirgi oʻrindagi jamoaga qarshi oʻynaganda ham ancha qiynaldi. Oʻylaymanki, oʻtkinchi uchrashuvlar yoʻqligi har bir jamoani yaxshi holatda ushlab turdi. «Shoʻrtan«ning bugungi oʻyinini koʻrdik, farq bilinmadi. Ikkinchi taymda «Olimpik«ka qaraganda ancha yaxshi harakat qildi.
– “Qoʻqon-1912” 120 daqiqa oʻynasa-da, charchamadi. Bu nima bilan bogʻliq?
– Bu futbolchilar oʻz ustida astoydil ishlaganini anglatadi. Murabbiylar shtabi ham bu yoʻlda mehnat qildi va futbolchilarning jismoniy holatini shunday saqlashga urindi. Bugungi oʻyin koʻrsatdiki, buni uddaladik. Albatta, 120 daqiqaga dos. bera olamizmi yoki yoʻq degan qoʻrquv bor edi. Lekin futbolchilarga rahmat, ular chidadi. Demak, biz toʻgʻri yoʻlda ketyapmiz.
– Jamoa penaltilar seriyasida dastlab 2 ta gol urolmadi, oʻsha paytda ichingizdan nimalar oʻtdi? Azizxon Isaqov noreal seyvlar namoyish qildi…
– Endi har bir murabbiy oʻz jamoasiga ishonishi kerak. Ortda borayotganimizda ham ular ham urolmasligi mumkin degan narsa xayolimdan oʻtdi. Taslim boʻlishni xohlamadim va hammasi boʻlishi mumkin deb turdim. Darvozabonimizga rahmat, u bugun juda katta foyda keltirdi.