05.12.2024
Superliga uchun oʻtish oʻyinidan oʻrin olgan “Qoʻqon-1912” – “Metallurg” (1:1, penaltilar boʻyicha – 3:2) uchrashuvidan keyin bekobodliklar ustozi Ilyos Qurbonov fikrlarini bildirib oʻtdi.
– Oʻyin haqida
– Avvalambor, “Qoʻqon-1912” jamoasini Superliga yoʻllanmasi bilan tabriklayman! Qiyin oʻyin boʻlishini bilardik. Raqib koʻproq uzun paslar bilan oʻynaydi, kurashlarga koʻp kirishadi. Aynan shu jihatlarni inobatga olib, tayyorgarlik koʻrgandik. 4 kun oldin «Nasaf« bilan Qarshida oʻynab qaytganimiz sababli tayyorgarlik koʻrish uchun bizda 1 kun vaqt boʻldi. Bolalarda charchoq borligi yaqqol koʻrinib turdi.
– “Qoʻqon-1912” nimaning hisobiga gʻalaba qozondi deb oʻylaysiz?
– “Qoʻqon-1912” standart vaziyat evaziga gʻalabaga erishdi. Standartni golga aylantirishdi. Raqibda xavfli vaziyatlar koʻp boʻlmadi, ammo ishtiyoq va gʻalabaga boʻlgan xohish juda yuqori edi.
– Baʼzi murabbiylar penaltiga tayyorlanadi, baʼzilar esa yoʻq. “Metallurg” seriyaga tayyorgarlik koʻrganmidi?
– Penaltilarga tayyorlangan edik. Penalti – bu lotereya, omad. Penalti vaqtida koʻproq psixologik tayyorgarlik muhim rol oʻynaydi. Bugun penaltilarda omad qoʻqonliklarga kulib boqdi.