12.12.2024
“Qoʻqon-1912” jamoasining asosiy futbolchisi va yetakchilaridan biri Iqbol Malikjonov jamoamiz matbuot xizmatiga qisqa intervyu berdi.
“Qoʻqon-1912” jamoasining joriy mavsumdagi natijalarini qanday baholaysiz? Jamoaga Pro ligadan toʻgʻridan toʻgʻri Superligaga yoʻl olishiga nima yetishmadi? “Metallurg”ga qarshi uchrashuv haqida fikringiz?
– Jamoamizga mavsum davomida stabillik yetishmadi deb oʻylayman. Menimcha, agar mavsum boshida va oʻrtalarida chempionat oxirida boʻlganidek oʻynaganimizda oʻtish oʻyiniga qolib ketmas edik. “Metallurg”ga qarshi oʻyinga juda yaxshi tayyorgarlik koʻrdik, murabbiylarimiz raqibni juda yaxshi oʻrganib chiqishdi. Kuchli ishtiyoq va muxlislarimizning qoʻllab-quvvatlashlari bilan gʻalaba qozondik.
Sizni koʻpchilik yarim himoyachi sifatida biladi. Biroq joriy mavsum asosan qanot himoyachisi sifatida harakat qildingiz? Bu pozitsiyada qiyinchiliklar boʻlmadimi? Umuman olganda joriy mavsumdagi oʻyiningizdan qanchalik qoniqish hosil qildingiz?
– Oʻng qanot himoyasida oldin ham oʻynaganman. Bu joy menga begona emas. qaysi chiziqda jamoamga koʻproq foydam tegsa, oʻsha pozitsiyada oʻynashga tayyorman.
Oʻtgan yilgi “Qoʻqon-1912” jamoasi bilan ayni vaqtdagi jamoaning farqi nimada?
– Oʻtgan yilgi tarkibimiz ham yaxshi edi deb oʻylayman. Shunchaki oʻtgan mavsum bizga ozgina omad yetishmagandi. Bu yil esa yangilangan tarkib bilan Superliga yoʻllanmasini qoʻlga kirita oldik.
Keyingi rejalar qanday?
– “Qoʻqon-1912” jamoasi bilan yana bir yillik shartnomam bor. Bor eʼtiborimni yangi mavsumda “Qoʻqon-1912” jamoasi bilan Superligada yaxshi natija koʻrsatishga qaratganman.