01.02.2025
Fargʻona viloyati hokimi Xayrulla Xayitboyevich Bozarov “Qoʻqon-1912” jamoasiga qarashli markaziy stadionga tashrif buyurdi.
Tashrifdan maqsad bu yilgi superliga musobaqasida viloyatimiz sharafini himoya qiladigan “Qoʻqon-1912” jamoasining mavsumga tayyorgarlik jarayonlari, stadionda yaratilgan sharoitlar va kamchiliklarni oʻrganib, toʻplanib qolgan muammolarni bartaraf qilish boʻldi.
Viloyat hokimiga Qoʻqon shahar xokimi Maʼrufjon Usmonov hamda viloyat sektorlarining rahbarlari va boshqa masʼul tashkilotlar rahbarlari hamroh boʻlishdi.
Jamoamiz rahbari Akramjon Mamadaliyev viloyat hokimini stadionda bajarilgan va bajarilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishtirish bilan birgalikda, OʻzPFL talablarini bajarish yoʻlida duch kelinayotgan muammolarni batafsil tushuntirib oʻtdilar. Stadion yoritgichlarini talab darajasiga keltirish, yugurish yoʻlakchasini sunʼiy chim bilan qoplash, kiyim almashtirish xonalari hamda koridorlarni sport releniumi bilan qoplash, maydon chimiga ishlov beruvchi texnikalar xarid qilish, stadion atrofini yangitdan asfaltlash, elektron tabloni yangilash kabi masalalar jamoa rahbariyati tomonidan koʻtarildi.
Viloyat xokimi oʻtgan davr mobaynida “markaziy” stadionda qilingan ishlarga yuqori baho berish bilan birgalikda, yana qilinishi lozim boʻlgan ishlar yuzasidan maslahatlarini berib oʻtdi.
“Markaziy” stadionda boʻlib oʻtgan yigʻilishda X. X. Bozarov yuqorida qayd etilgan kamchiliklarni tezlik bilan bartaraf etish yuzasidan masʼullarga topshiriq berib, “Qoʻqon-1912” jamoasi bu yilgi futbol mavsumini oʻz muxlislari qarshisida oʻtkazishi lozimligini taʼkidlab oʻtdilar. Shuningdek viloyat xokimi tomonidan jamoaning moliyaviy tomondan qoʻllab quvvatlash borasida ham masʼul rahbarlarga koʻrsatma va topshiriqlar berildi. Jamoa tarkibini yoshartirish, mahalliy yoshlarga eʼtibor berish, futbolchilarning jismoniy holatlarini yaxshilash borasidagi ishlar olib borilishi lozimligi aytib oʻtildi. Qoʻqonda raqobatbardosh jamoa shakllantirish, mehmonga kelgan har qanday jamoaga qarshi munosib oʻyin koʻrsatadigan, asosiysi muxlislarni oʻz oʻyinlari bilan xursand qiladigan jamoa tuzish lozimligi taʼkidlandi.
Tashrif soʻnggida klub rahbari Akramjon Mamadaliyev tomonidan Fargʻona viloyati hokimiga “Qoʻqon-1912” jamoasining yangi mavsumda maydonga kiyib tushadigan libosi taqdim etildi.