05.04.2025
Superliganing 4-turi doirasida “Surxon” maydonida uchralgan magʻlubiyatdan keyin “Qoʻqon-1912” bosh murabbiyi Bahrom Haydarov matbuot anjumanida qatnashdi.
– Oʻyinni boshlanishidanoq “Surxon” hujumga tashlanishi aniq edi. Jamoa ketma-ket oʻyinlarda magʻlub boʻlgandi. Dastlabki 15 daqiqalikda himoyani yaxshi ushlashimiz kerak edi. Buni uddaladik. Raqib ilk vaziyatidan gol urdi. Bitta gol oʻtkazib yuborish falokatli holat emas. Ikkinchi boʻlimga yaxshi kayfiyatda chiqdik. Ikkala jamoa ham bir xil oʻyin koʻrsatdi deb oʻylayman. Uchrashuv boshida tashabbus “Surxon” tomonda boʻldi. Ikkinchi boʻlimga kelsak, taymni yaxshi boshladik. Yigitlar gʻalaba uchun intilayotgandi, lekin ikkita qizil kartochka… Bitta qizil kartochka unchalik sezilmayotgandi. Biroq ikkinchisi raqibga katta ustunlik taqdim qildi. Shuni hisobiga oʻyin oxirida kuchimiz yetmay qoldi. Toʻqqizga oʻn bir holatda ham oxirigacha oʻynashimiz kerak edi. Biroq buni uddalay olmadik.
– “Qoʻqon-1912” hisobni tenglashtirgandan keyin Siz Bahrom Abdurahimovni tushirmoqchi boʻldingiz va ikki hujumchini almashtirishga tayyorlanayotgandingiz. Bu nima bilan bogʻliq? Ikkinchi savolim: kartochkalar jamoaga halaqit qildi. “Qoʻqon-1912”da kartochkalarning koʻpayib ketayotgani nima bilan bogʻliq? Tartib-intizommi yoki boshqa holatlar bormi:
– Buni tartib-intizom bilan bogʻlamagan boʻlardim. Chunki bu oʻyin epizodlari. 1:1 boʻlganidan keyin Shahzod Beshimov hamda Muhammadanas Hasanovni zaxiraga olmoqchi edim, biroq oʻsha holat boʻlib qoldi. Ulgurmadik. Oʻyin tugashiga 5-10 daqiqa qolganida boʻladigan toʻpolon-janjallar futbolda boʻlib turadigan holat. Albatta, futbolchi oʻzini ushlashi kerak. Biroq buni yomon holat deb oʻylamayman. Durang paytda hujumchini tushirish oʻyindan kelib chiqib amalga oshiriladi. Bizda oʻyinni durangga olib borish niyatimiz yoʻq. Bugun durang ham biz uchun yomon natija boʻlmasdi. Gʻalaba qozonishimiz ham mumkin edi. Oʻzgarishlar tayyorlanayotgan paytda biz raqibga katta bosim oʻtkazayotgandik. “Surxon” yosh jamoa, futbolchilar biroz dovdirayotgani koʻrindi. Ikkinchi qizil kartochka esa ularga katta ruhiy yordam boʻldi. Shuni hisobiga raqiblar gʻalaba qozondi.
– “Surxon” ayni damda Superliganing eng yosh jamoalaridan biri boʻlib turibdi. Shu boisdan “Qoʻqon-1912” bugun agressivroq oʻyin namoyish qiladi, koʻproq hujum qiladi deb oʻylagandim. Biroq “Surxon” ilk daqiqalardan tezkor gol uchun oʻynadi. Bugun “Qoʻqon-1912”dan nega agressiv futbol koʻrmadik?
– Buni oʻrganib chiqamiz. Agressiv futbol oʻynab, gʻalaba qozonish kerakligini yigitlarga tushuntiryapmiz. Bu savolga aniq bir javobim yoʻq. Barchasini koʻrib chiqishimiz kerak.