13.04.2025
Superliganing 5-turidan o‘rin olgan “Qo‘qon-1912” – “Buxoro” (1:0) uchrashuvidan so‘ng jamoamiz bosh murabbiyi Bahrom Haydarov matbuot anjumanida ishtirok etdi.
O‘yin haqida
– Birinchi g‘alaba bilan jamoamiz muxlislari va klubimiz rahbariyatini tabriklayman. Ancha yoqimli hissiyot, g‘alabalarimiz bardavom bo‘lsin. Birinchi bo‘limni yaxshi o‘tkazdik. Mashg‘ulotlardagi tayyorgarlik ishlanmalarimiz ishladi. 4 ta turdan beri davom etayotgan g‘alabasiz seriya bosimidan o‘tib oldik. Ikkinchi bo‘limda ozroq xotirjamlikka berildik. Jarohatlar rejalarga taʼsir ko‘rsatdi. Xatolarni ko‘rib chiqib, xulosa chiqaramiz.
– Keyingi o‘yinlar haqida fikringiz? O‘zbekiston kubogidagi maqsadlar qanday?
– Bizda chempionat yoki kubok uchrashuvi ajratilmaydi. Har ikki turnir biz uchun muhim. Raqibga qarab yoshlarga ham imkoniyat beramiz. Kubokdagi birinchi vazifamiz bu – guruhdan chiqish.
– Qizil kartochka olgan futbolchilar nechta turga chetlatilgani haqida oydinlik kiritildimi?
– Biz ham kutayapmiz. G‘ofurov ham, Hasanov ham asosiy tarkibda raqobat yarata oladigan futbolchilar. Keyingi turdan ko‘rib chiqilsa kerak. Rejalarni shunga qarab tuzamiz.
– O‘rinbosarlar tarkibida Jasur Ahmadjonov 7 ta gol urdi. Uni asosiy tarkibga jalb etish rejasi bormi?
– Albatta, biz uni kuzatib borayapmiz. Bugungi o‘yin qaydnomasiga ham kiritmoqchi edik. Jasur asosiy tarkib bilan mashg‘ulotlarni ham olib bordi. Yoshlar tarkibimizdan futbolchilar yetishib chiqsa, bundan faqat xursand bo‘lamiz.