19.04.2025
Superliganing 6-turida “Qoʻqon-1912” mehmonda “Qizilqum”ga yagona oʻtkazib yuborilgan gol evaziga magʻlubiyatga uchradi. Uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanida jamoamiz bosh murabbiyi Bahrom Haydarov fikrlari bilan oʻrtoqlashdi.
– Noqulay ob-havo sharoitiga qaramasdan “Qoʻqon-1912” ishqibozlari Navoiyga kelib bizni qoʻllab-quvvatlashgani uchun rahmat aytaman. Shunday yomgʻirli havoda ikkala jamoa muxlislari stadionga kelib jamoalarini olqishlab turishgani uchun minnatdorchilik bildiraman. Bevosita uchrashuvga kelsak, oʻylashimcha, ikkita teng kuchli jamoalar maydonga tushishdi. Oʻyin ham shunga mos ravishda boʻlayotgandi. Lekin safardagi ikkinchi oʻyinimizdirki, qizil kartochka rejalarimizni buzib qoʻyyapti. Bu haqida gaplashyapmiz, ish olib boryapmiz. Futbolchilar bilan yana bu xususida gaplashib olamiz. Chunki 10 kishi boʻlib oʻynash qiyin, Superligada teng kuchli jamoalar orasida. Qizil kartochkalar rejalarimizni buzib qoʻymoqda. Ikkinchi boʻlimda “Qizilqum” jamoasi oldinga oʻtdi va gol urishga erishdi. Bu bizni kamchiligimiz hisobiga emas, himoyadagi xatoimiz evaziga. Buni oʻrganib chiqishimiz kerak. Tabiiyki, “Qizilqum” hisobni ushlab qolishga, taktik oʻyin koʻrsatishga oʻtdi. Biz ham iloji yoʻq, toʻpni egallab, tavakkalchilikka qoʻl urdik. Lekin bir futbolchi kamchilik evaziga raqib himoyasini yorib oʻtish qiyinchilik tugʻdirdi. Bunga erisha olmadik.
– Qizil kartochka boʻyicha hakamga eʼtirozingiz yoʻqmi?
– Hali vaziyatni koʻrib chiqqanim yoʻq. Mendan ancha uzoqda edi. Videoyozuvini koʻrib chiqamiz. VAR ham oʻsha holatni koʻrib chiqdi. Oʻylaymanki, hakamlar xato qilishmagandir.
– Qizil kartochkadan keyin jamoangiz bir kishi kam boʻlib qolishiga qaramay, birinchi boʻlimga nisbatan ancha yaxshi harakat qildi. Shuni birinchi boʻlimda ham namoyish etsa boʻlmasmidi?
– Bu jamoalarni oʻz strategiyasida. Oʻylashimcha, “Qizilqum” bizni qarshi hujumda ushlamoqchi boʻldi. Reja boʻyicha himoyaga oʻtib oldi va biz toʻpni nazorat qilishga, oldinga oʻtib, hujum qilishga majbur boʻldik. “Qizilqum”da qarshi hujumlarda imkoniyatlar boʻldi. Lekin boshqa gol urolmadi. Unchalik vaziyatlarimiz boʻlmadi, yorib kirish qiyin boʻldi.