20.07.2024
Bekobodning “Metallurg” jamoasi birinchi davrani muvaffaqiyatsiz oʻtkazdi.
Turnir jadvalida soʻnggi oʻrinda borayotgan klub amalda yangi qon va oʻzgarishlarga extiyoj sezayotgandi. Yozgi tanaffus vaqtida bosh murabbiy lavozimiga Grigoriy Kolosovskiy tayinlandi. Bundan tashqari tarkibda ham ayrim yangiliklar roʻy bermoqda. “Metallurg” kecha Toshkentda “Olimpik”ka qarshi nazorat uchrashuvida maydonga tushdi. Mazkur uchrashuvdan soʻng klub bosh direktori Shavkat Saidovga bir nechta savollar bilan yuzlandik.
– Mavsumning dastlabki qismi muvaffaqiyatsiz oʻtganiga qanday sabablarni keltirasiz?
– Birinchi davrani oʻzingiz kuzatdingiz yomon oʻynamadik. Koʻpchilik mutaxassislar ham bu borada oʻz fikrlarini bildirdi. Tahlillar va statistik maʼlumotlarga koʻra, koʻp uchrashuvlarda ustunlik ham qilganmiz. Asosan 70-75 daqiqalardan soʻng darvozamiz oldida xavfli vaziyatlar yaratilgan. Oʻtkazib yuborgan gollarimiz ham shu daqiqalarga toʻgʻri kelmoqda. Bu esa jismoniy tayyorgarligimiz meʼyorida boʻlmaganidan dalolat. “Catapult” natijalari shuni koʻrsatyaptiki, jamoaning kuchi 70-75 daqiqaga yetmoqda. Oxirgi 10-15 daqiqada oddiy gollarni oʻtkazib yubordik. Mavsum boshida “Lokomotiv”, “Surxon”, “Dinamo” bilan soʻnggi daqiqalarda diqqatni yoʻqotdik. Vaziyatlardan unumli foydalana olmaganimizni ham aytishim mumkin. Oʻyin tomonlama “Olimpik“, ”Dinamo“, ”Surxon”ga yutqazdik, ayniqsa ikkinchi boʻlimda. Ikkinchi davrada jamoaga yangi qon kerakligi sababli murabbiyni oʻzgartirdik.
– Futbolda seleksiyaning ham oʻrni katta. Aynan toʻgʻri seleksiya va futbolchilarning tanlovi natijada muhim rol oʻynaydi. Qishda jalb qilingan futbolchilar qanchalik oʻzini oqladi?
– Seleksiya klubning byudjetidan kelib chiqib amalga oshiriladi. Biz 3 ta himoyachi sxemasiga mos ravishda yangi futbolchilarni jalb qilgandik. Ahamiyat bergan boʻlsangiz mudofaa chizigʻida koʻproq tajribali futbolchilarga ishondik. Ular Davron Ergashev, Rizo Yazdandoʻst, Abbos Otaxonov, Ivan Yosovich. Oʻrta chizigʻimizda barqarorlik yetishmadi. Aniqroq aytsam Zabihillo Oʻrinboyevning oʻrnini toʻldiradigan yetakchi yoʻqligi bilindi. Umuman olganda 80-85 foiz yigitlarimiz uzoq yildan beri oʻynab kelayotgan tajribaga ega edi.
– Yozgi transferlar oynasida jamoani tark etgan futbolchilar yangi murabbiyning taktikasiga va xohishiga koʻra roʻy berdimi yoki ularning oʻrniga kuchli futbolchilar chaqirilishi tufaylimi?
– Yangi murabbiy bilan maslahatlashgan holda oʻyin falsafamizni oʻzgartirmoqdamiz. Shunga koʻra ayrim pozitsiyalarda 3-4 nafardan futbolchi boʻlib qolyapti. Ular oʻyin amaliyotisiz qolib ketmasligi tufayli shunday qarorga keldik. Jorjevichni omadi kelmadi deyishim mumkin. Unga ishongandik. Rizo oilaviy sabablarga koʻra tark etdi. Abbos Otaxonovga xorijdan yaxshi taklif bor edi. Yoshini inobatga olgan holda legionerga aylanishiga qarshilik qilmadik. Yangilardan Asadbek Sobirjonovni oldik. “Paxtakor”dan ijaraga yoshlarni oldik. Yana yangiliklarimiz bor.
– Grigoriy Kolosovskiydan tashqari murabbiylikka nomzodlar orasida yana kimlar bor edi?
– Bu mavzuni rahbariyat bilan chuqur oʻyladik. Vesko Steshevich bilan xayrlashganimizdan soʻng 3-4 nafar murabbiy nomzodini taklif qildik. Dastlab yoshlar bilan ishlaydigan va juda katta mablagʻ ketmaydigan mutaxassis bilan ishlash varianti bor edi. Deylik, Ravshan Haydarov, Server Jeparov nomzodlarini koʻrib chiqqandik. Tajribali murabbiylardan Viktor Kumikov, Aleksandr Xomyakov, Ulugʻbek Bakayev singari nomlar ham yoʻq emasdi. Bu orada Samvel Babayan “Navbahor”dan ketgani haqida xabar chiqdi. Yakunda oʻylab Grigoriy Kolosovsiyda toʻxtadik. U muntazam va uzluksiz ish faoliyatida boʻldi, Pro litsenziyasi bor. Tajribasi yuqori. Doim oʻz oldiga yuqori maqsadni qoʻygan jamoalarda assistent sifatida faoliyat olib borgan. Nima boʻlganda ham ikkinchi davrada har bir oʻyin biz uchun finaldek oʻtadi. Ortga yoʻlimiz qolmagan va faqat gʻalaba uchun maydonga chiqamiz.